Andijonda pora ishi bo‘yicha hokimning ikki o‘rinbosari qo‘lga olindi
Mutasaddilar fermer xo‘jaligining eksport rejasini “yopish” uchun tadbirkordan 65 million so‘m talab qilgan.

Bo‘ston tumanida DXX xodimlari hokimning investitsiyalar va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarini qo‘lga oldi. Ular korrupsiyada gumon qilinmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, amaldorlar kelishuvga erishib, fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini soxta operatsiyalar orqali “yopish” uchun tadbirkordan 65 mln so‘m talab qilgan.
Avgust oyida hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari avans tariqasida 25 mln so‘m olgan, qolgan 40 mln so‘mni investitsiya bo‘yicha hamkasbi orqali o‘tkazayotganda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (“pora olish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.
Avvalroq Toshkent viloyatida ikki nafar IIB xodimi pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Ayblanuvchilar qamoqxonadagi mahbusga uyali telefon yetkazib berib, uning tanishi bilan uchrashuvni tashkil etishgan.
Izohlar