Andijonda 11 yil oldin bosqinchilik qilgan shaxs ushlandi
Andijon viloyatida 11 yil muqaddam birovning uyiga qurol bilan kirgan shaxs qo‘lga olindi.

Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan Andijon viloyatida olib borilgan “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarida jinoyat sodir etgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Jumladan, bundan qariyb 11 yil avval bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslarning qilmishi fosh etildi. Shahrixon tumanining Bayroq mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoniga 2014 yil 21 may kuni tunda niqobli ikki shaxs pichoq va ov quroli bilan kirib, xonadon egasi hamda uning oilasiga hujum qilgan. Noma’lum shaxslar pul talab qilib, agarda holat yuzasidan murojaat qilgan taqdirda o‘ldirib ketish bilan qo‘rqitgan. Uy egasining Nokia rusumli telefon apparatini sindirib, noma’lum tomonga yashiringan.
11 yildan so‘ng ushbu jinoyatni 1990 va 1993 yilda tug‘ilgan ikki shaxs sodir etgani aniqlanib, ulardan biri qo‘lga olindi. Uning jinoiy sherigiga nisbatan esa qidiruv olib borilmoqda. Shuningdek, daliliy ashyo sifatida bosqinchilik jinoyatini sodir etishda foydalanilgan bir dona 16 kalibrli ikki stvolli ov miltig‘i ham olindi.
Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa 1984 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasi to‘xtatib, tekshirildi. Avtomashinada jami 2 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Shuningdek, viloyatda olib borilgan tezkor-texnik tadbirlarda noqonuniy mayning ferma tashkil etgan shaxs aniqlandi. Uning xonadonidagi mayning qurilmalari va sovitish ombori tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, noqonuniy ravishda tarmoqqa ulanib, faoliyat yuritib kelgan. Buning oqibatida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, davlat manfaatlariga 1,2 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Andijondagi “Jahon bozori”da yong‘in yuz berdi Andijondagi bog‘cha 226 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi 2 gektar yerni 300 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi Andijonda “Nexia-3” bilan toʻqnashgan “Damas” zovurga agʻdarilib ketdi Andijonda 4 ta mashina ishtirokida YTH yuz berdi
Soʻnggi yangiliklar







