14 Avgust 2024, 13:24 Oʻzbekiston

“Andijon” klubi futbolchisi Milliy gvardiya xodimi bilan mushtlashdi

“Andijon” klubi futbolchisi “Bunyodkor” stadionida Milliy gvardiya xodimi bilan mushtlashdi.

“Andijon” klubi futbolchisi Milliy gvardiya xodimi bilan mushtlashdi

Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida futbolchi Marlen Chobanov Milliy gvardiya xodimiga jarohat yetkazdi, deya xabar qilmoqda idoraning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yilning 11-avgust kuni Chilonzor tumani “Bunyodkor” stadionida “Bunyodkor” va “Andijon” jamoalari o‘rtasida futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Andijon futbol klubi a’zosi Marlen Chobanov stadionning VIP bo‘limida o‘yinni tomosha qilgan.

Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, soat 22:05 da futbolchi VIP bo‘limi orqali ichkariga kirishga uringan. Maxsus ruxsatnomaga (beydjik) ega bo‘lmagan futbolchidan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi uning qayerga ketayotganini, chiqish uchun boshqa yo‘lakdan foydalanishi zarurligini aytgan.

Boshqarmaning ta’kidlashicha, Chobanov harbiy xizmatchining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, xizmat faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, uning yuz qismiga qo‘li bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.

Mashhur yangiliklar