Alisher Qodirov Jennifer Lopes konserti va pivo festivali haqida fikr bildirdi
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari xonandaga qanday bag‘rikenglik ko‘rsatilgan bo‘lsa, dindor ayollarga ham shunday bag‘rikenglik ko‘rsatishga chaqirdi.

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Jennifer Lopes konserti va pivo festivali haqida fikr bildirdi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, bu yerda inson qonunlarni buzmaslik sharti bilan o‘zi xohlagandek yashashi mumkin.
“Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan. Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas”, — dedi u.
Qodirov “Milliy tiklanish” har qanday rivojlanish qadriyatlarga tayanishi kerak degan pozitsiyada qat’iy ekanini ta’kidladi.
“Jennifer Lopesni konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu! Lekin xuddi shunday o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshning ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan”, — deyiladi xabarda.
Deputat xonandaga qanday bag‘rikenglik ko‘rsatilgan bo‘lsa, dindor ayollarga ham shunday bag‘rikenglik ko‘rsatishga chaqirdi.
“Yalang‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham daxl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopesga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzni ochiq bo‘lishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopesga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayollarimizga ham ko‘rsataylik. Dunyoviylik ishonganga ham, ishonmaganga ham teng bo‘la olish degani, zo‘rning zaifga hayotdan dars berishi emas”, — deb yozdi Qodirov.
Mavzuga doir: “Jinoyatni rag‘batlantirishdek insoniylik”: Alisher Qodirov ayollarga nisbatan jazoni yengillashtirish imkoniyatini bekor qilish tarafdori “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi jazoni yengillashtirish ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payishiga sabab bo‘layotganini taxmin qildi.
Izohlar