Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda o‘zbek tilidan foydalanishga cheklov qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston TIV ushbu ma’lumotga izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston rasmiylari mamlakat hududida o‘zbek tilidan foydalanishda hech qanday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Shuningdek, ular Afg‘oniston hukumati va xalqi o‘zbek xalqi va uning tiliga chuqur hurmat bilan qarashini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston hukumati hozirda oliy o‘quv yurtlari peshlavhalarini yagona standartga keltirish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dari va ingliz tillarida joylashtiriladi. Shimoliy hududlar, xususan, Samangan universiteti uchun, istisno tariqasida, yozuvlar pushtu, dari va o‘zbek tillarida bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston hukumati tarixda ilk bor Juzjon davlat universitetida “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura dasturini ochishni rejalashtirmoqda. Ushbu qaror ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va do‘stona munosabatlarning yaqqol tasdig‘i sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Afg‘oniston 2026-yilga mo‘ljallangan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘oniston energetika kompaniyasi bosh direktori bilan uchrashdi.




















