O‘zbekistonda aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarning nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtiriladi, deyiladi Vazirlar Mahkamasi qarorida.

Transport vazirligiga uch oy muddatda hujjatlar, xaritalar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarda o‘rnatilgan peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning lotin alifbosi asosida o‘zbek tilida bajarilishini ta’minlash topshirildi.

Hujjatga ko‘ra, 161 ta aeroport, avtovokzal va avtostansiya nomlari davlat tili qoidalari va me’yorlariga muvofiqlashtiriladi. Bundan tashqari, 21 ta obyektga yangi nomlar beriladi.

Eslatib o‘tamiz, quruvchilar turar-joy majmualariga o‘zbek tilida nom berishga majbur bo‘ladi. Obyekt haqidagi barcha ma’lumotni ham davlat tilida yozish majburiy bo‘ladi.

Mavzuga doir: “Bosqinchilar yoki ahmoqlar”: Sherzod Qudratxo‘jayev o‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbekistonliklar haqida fikr bildirdi. Jurnalistika universiteti rektorining ta’kidlashicha, oshxo‘rlar, somsaxo‘rlar va mamlakatni hurmat qiladigan odamlar davlat tilini bilmaydi.