4 ta tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi lavozimidan ozod etildi
Ular ogohlantirishlar, profilaktik suhbatlar, koʻrilgan intizomiy choralardan xulosa chiqarmasdan xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan.
Soliq qoʻmitasi sohada faoliyat yuritayotgan bir guruh masʼullar va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi. Bu haqda qoʻmitaning Hayʼat majlisida aytib oʻtilgan.
Maʼlum qilinishicha, Soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev rahbarligida kengaytirilgan Hayʼat majlisi oʻtkazilgan. Unda I yarim yillik yakuni va III chorakdagi dolzarb vazifalar muhokama qilingan.
Yigʻilishda joriy yilning I yarim yilligida budjetga 85,8 trln soʻm miqdorida soliq tushumlari taʼminlanib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,5 foizga, hududlarda 24,4 foizga, tumanlarda 37 foizga oʻsganligi qayd etilgan. Mol-mulk soligʻi tushumlari 37,6 foizga, yer soligʻi 31,2 foizga, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 21 foizga, AOS 19 foizga va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 18 foizga oʻsgan.
Hududlarda foyda soligʻi tushumi 32,3 foizga va QQS 20,6 foizga oʻsgan, Pensiya jamgʻarmasiga 23,1 trln soʻm tushirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 trln soʻmga oshgan.
“Shu bilan birga, ayrim hududlar va sohalarda iyun oyi yakunlariga koʻra, “DSB maʼmurchiligi” dasturi asosida “korxonabay” ishlash tizimi samaradorlik koʻrsatkichi past boʻlganligi tanqid ostiga olindi. Masalan, Jizzaxda 54,8 ball, Qashqadaryoda 57,1 ball, Navoiyda 58,2 ball, Andijonda 58,7 ball va Sirdaryoda 59 balni tashkil etdi”, deyiladi xabarda.
Yigʻilishda xizmat vazifasini bajarish va soliq maʼmurchiligini taʼminlashda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlar faoliyati jiddiy tanqid qilinib, tashkiliy masalalar koʻrib chiqilgan.
Jumladan, berilgan ogohlantirishlar, profilaktik suhbatlar, koʻrilgan intizomiy choralardan xulosa chiqarmasdan xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan hamda belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlari past boʻlgan Qashqadaryo, Andijon, Fargʻona viloyati soliq boshqarmalari boshliqlari oʻrinbosarlari, Paxtaobod, Izboskan, Sharof Rashidov va Yangi Namangan tumani soliq inspeksiyasi boshliqlari hamda 25 nafar masʼullar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, 150 nafarga yaqin xodimga intizomiy choralar belgilanib, 15 nafar xodimning unvoni 1 pogʻonaga pasaytirilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Endi reytingi yuqori tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi Ayrim tadbirkorlarga to‘lagan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi Tovarlarini elektron platformalar orqali sotuvchilarga soliqlar oshirilishi mumkin O‘zbekistonda ayrim turdagi soliq stavkalari oshiriladi O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani ochiqlandi