24 Fevral 2025, 10:48 Oʻzbekiston

2 gektar yerni 300 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 2 gektar yerni 300 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

2 gektar yerni 300 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Andijon viloyatida o‘tkazilgan “Tozalash“ kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarida bir qator jinoyatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hududida olib borilgan tadbirlar doirasida 106 ta jinoiy, 596 ta maʼmuriy, jami 702 ta holat aniqlandi. 117 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 633 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy choralar ko‘rildi. 39 ta jinoyat fosh etilib, 30 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 1123 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.

Qo‘lga olingan jinoiy guruhlar va shaxslardan 4,5 kg giyohvandlik vositalari, 1452 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, 24 ta noqonuniy qurol, 478 ta tig‘li buyumlar olinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 2006 va 2002-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular o‘zaro til biriktirib, 1988-yilda tug‘ilgan ayolning shaxsga doir maʼlumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, 5 ming dollar talab qilgan. Ushbu pullardan 2,5 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xo‘jaobod tumanida yashovchi shaxs 2 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni aytib, evaziga 300 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan pullardan 50 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, yana bir holatda 1967-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan shaxs yashash uyi yerto‘lasida giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. 2 kg 37 gramm marixuana va 86 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotishni ko‘zlab saqlab kelayotganligi fosh etildi.

Bundan tashqari, 2 nafar shaxs 2024-yil avgust oyidan buyon Andijon shahridagi xonadonida moddiy manfaat evaziga 13 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi.

Shu bilan birga, Andijon tumanda yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan shaxs 7 nafar fuqaroga noqonuniy diniy saboq berib kelgani fosh etildi.

Holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruvchi-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar