Yaponiyada “Shanshan” tayfuni sabab 5,2 mln aholi evakuatsiya qilinmoqda
Yaponiya janubi-g‘arbiga “Shanshan” tayfuni yopirilishi oqibatida 200 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qoldi.
Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismiga “Shanshan” tayfuni yopirilib, elektr tarmoqlarini ishdan chiqardi, aviaqatnovlarni qiyinlashtirdi va yirik zavodlar yopilishga sababchi bo‘ldi, deb yozmoqda Reuters.
Mamlakat rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, mintaqada qayd etilgan eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa tufayli kamida uch kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar jarohat oldi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchi Toyota barcha ichki zavodlarda, Nissan, Honda, shuningdek, Renesas va Tokyo Electron kabi chip ishlab chiqaruvchilar ayrim zavodlarda ishni to‘xtatdi.
Men 31 yillik umrim davomida bunday kuchli shamol yoki tornadoni hech qachon ko‘rmaganman, dedi Kyusyu orolidagi Miyazaki shahrida yashovchi aholi vakillaridan biri Reuters agentligiga.
Milliy meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat hududida shamol tezligi soatiga 180 kilometrga yetgan. Yaponiyaning yettita prefekturasida 230 mingga yaqin xonadon elektr energiyasisiz qoldi. Sinoptiklar keyingi bir necha kun ichida “Shanshan” Kyusyu ustida faol bo‘lishini, dam olish kunlari esa markaziy va sharqiy mintaqalarga, shu jumladan, poytaxt Tokio shahriga yaqinlashishini kutmoqda.
Hukumat butun mamlakat bo‘ylab 5,2 milliondan ortiq aholini evakuatsiya qilish yuzasidan topshiriq berdi.
Yaponiya aviakompaniyalari, jumladan, ANA Holdings va Japan Airlines allaqachon 800 ga yaqin reyslarni bekor qilgan. Kyusyuning ko‘plab hududlarida poyezdlar harakati, shuningdek, avtobus va parom qatnovi to‘xtatildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda fuqaroni Yaponiyaga ishga jo‘natish evaziga 7,4 ming dollar olgan shaxs ushlandi O‘zbekistonda Yaponiya bilan hamkorlikda xalqaro universitet ochiladi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti yapon tashkilotiga berildi Keysuke Minami O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi bo‘ldi Yaponiya Oʻzbekistonga tibbiy mobil konteynerlar yetkazib beradi