Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashgan o‘zbekistonlik qamaldi
Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda Rossiya tomonidan ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosi 5 yilga qamaldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman sudi 4-noyabr kuni Ukraina hududida harbiy harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqardi.
Ish materiallariga ko‘ra, Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan Alisher Xoliqov (1973-yilda tug‘ilgan) 2023-yil 26-may kuni “Do‘stlik” bojxona posti orqali Qirg‘izistonga yo‘l olgan. U yerdan O‘sh-Sankt-Peterburg reysida Rossiyaga uchib ketgan va 2023-yil noyabrigacha turli vaqtinchalik ishlar bilan shug‘ullanib, ijarada yashagan. Bu vaqt ichida u Umid ismli tanishi maoshini to‘lamagani uchun Akmal ismli ish beruvchini kaltaklagan. Shundan so‘ng Akmal politsiya xodimlarini chaqirgan, ular Alisher va Umidni bo‘limga olib ketishgan.
Bo‘limda ularni himoya qilish uchun kelgan advokat ichimlik taklif qilgan va ular rozi bo‘lishgan. Keyin advokat unga Akmalni kaltaklash besh yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qiladigan jinoyat ekanini tushuntirgan, ammo Ukrainadagi urushda ishtirok etishni javobgarlikdan qutulish usuli sifatida taklif qilgan. Buni jazodan qochish imkoniyati deb tushunib, u va Umid rozi bo‘lgan va politsiya taqdim etgan shartnomaning ikki nusxasini imzolagan.
Shundan so‘ng, o‘zbekistonlik ilgari tanish bo‘lmagan 80 nafar shaxs bilan birga Rossiya-Finlyandiya chegarasi yaqinidagi “Kaminka” harbiy qismiga Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari nazorati ostida joylashtirilgan.
4-fevral kuni LXR chegarasini kesib o‘tish paytida tarkibida Alisher bo‘lgan kolonna Ukraina tomonidan dron bilan o‘qqa tutilgan. Xoliqov drondan tushirilgan snaryad portlashi oqibatida boshining chap chakka qismidan, chap qo‘li, chap yelkasi va o‘ng oyog‘idan jarohat olgan. U bir oy davomida davolangan Moskvadagi shifoxonada mart oyida hushiga kelgan.
Rossiya Federatsiyasi bu orada uning plastik kartasiga umumiy 800 ming rubl (37,8 million so‘m) o‘tkazgan.
Sog‘ayib, harbiy harakatlarda qatnasha olmagani uchun ta’til olganidan so‘ng u Sankt-Peterburgdagi “Magnit” gipermarketi ombori yotoqxonasiga qaytdi. Uch kundan so‘ng uning xotini O‘zbekistonda qolgan yashil biometrik pasportini olib keldi. U xotiniga bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi va xotini O‘zbekistonga qaytishni taklif qildi.
U aniqlik kiritib, chegarani noqonuniy kesib o‘tmaganini va pasportini “Kaminka” harbiy qismida harbiylar olib qo‘yganini aytdi. Unga Rossiya fuqaroligini taklif qilishgan, lekin u rad etgani uchun pasportini qaytarib berishmagan.
4-iyul kuni Xoliqov Sankt-Peterburg — Toshkent reysida O‘zbekistonga qaytib keldi. Sudlanuvchi sudda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi.
Sud Alisher Xoliqovni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bo‘yicha aybdor deb topdi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi AQShda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi O‘zbekistonlik erkak Rossiyada odam o‘g‘irlab, pul talab qilishda ayblanmoqda Polshada YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi