26 Mart 2025, 10:41 Jahon

Rossiya va AQSH “Qora dengiz tashabbusi”ni amalga oshirishga kelishib oldi

Moskva va Vashington, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina energetika obyektlariga zarba berishni taqiqlash choralarini ishlab chiqadi.

Rossiya va AQSH “Qora dengiz tashabbusi”ni amalga oshirishga kelishib oldi

Moskva va Vashington “Qora dengiz tashabbusi”ni amalga oshirish hamda Rossiya va Ukraina energetika obyektlariga zarba berishni taqiqlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Kreml ekspert guruhlari muzokaralari yakunlari boʻyicha.

Qora dengiz tashabbusi Qora dengizda navigatsiya xavfsizligini taʼminlash va bir qator sanksiya cheklovlari olib tashlanganidan keyin Rossiya qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va oʻgʻitlari eksportining jahon bozoriga kirishini tiklashni oʻz ichiga oladi.

Gap oziq-ovqat va oʻgʻitlarning xalqaro savdosi boʻyicha operatsiyalarni taʼminlashga jalb qilingan ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, Rosselxozbank va boshqa moliyaviy tashkilotlardan sanksiyalarni olib tashlash, ularni SWIFTʼga ulash, vakillik hisoblarini ochish, savdoni moliyalashtirish operatsiyalari, Rossiyaga qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish, kemalarga xizmat koʻrsatish va sugʻurta kompaniyalari faoliyatiga cheklovlarni bekor qilish haqida ketmoqda.

Mamlakatlar “2025-yil 18-martdan boshlab 30 kun muddatga Rossiya va Ukraina energetika obyektlariga zarba berishni taqiqlash, tomonlardan biri kelishuvga rioya qilmagan taqdirda uni uzaytirish va undan chiqish imkoniyati bilan” chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Mashhur yangiliklar