11 Noyabr 2024, 14:09 Jahon, Oʻzbekiston

Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi

Checheniston rahbari Oʻzbekistondagi suiqasd ishida “chechen izi” borligi haqidagi xabarlar asossiz ekanini aytdi.

Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov xorijiy nashrlarda Oʻzbekistondagi otishmaga aloqadorligi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi. U oʻzining Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga aloqadorligi toʻgʻrisidagi xabarlarni “siyosiy oʻyin” hamda “oʻzbeklar va chechenlar oʻrtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat”, deya baholagan.

“Oʻzbekistonda bir necha hafta oldin ichida Prezident administratsiyasining sobiq xodimi boʻlgan mashinaga qarata oʻq uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq, natijalarni kutmasdan, gʻarbparast va baʼzi muxolifat nashrlar “chechen izi” haqidagi versiyani oʻrtaga tashladi, keyin bu izni butunlay menga bogʻlashdi, deb yozgan Qodirov oʻzining telegram kanalida.

Checheniston yetakchisi bu “provokatsiya”ga javob bermasligini taʻkidlagan:

Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar aʻlo darajada. Qoʻshimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtiradigan boʻlsam, bu ishni 100 foiz natija bilan oxiriga yetkazaman.

Chechenlar va oʻzbeklar tarixiy oʻtmishi umumiy boʻlgan qardosh xalqlardir. Bizning umumiy jihatlarimiz juda koʻp. Shaxsan men uchun Oʻzbekiston – oʻzbek xalqini, uning odob-axloqini sevgan aziz otam Ahmad Hoji hayotining alohida va muhim qismidir. Va men bu maʻlumotlarni uchinchi tomonlarning siyosiy oʻyin quroli va mamlakatlarimiz oʻrtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan ochiq urinish sifatida baholayman. Ishonchim komilki, Gʻarbning soxta uslubiga boshqa nashrlar ham ergashadi. Qanday boʻlmasin, men va Oʻzbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion maʻlumotlar ortida kim turganini bilib olamiz. Bu borada ishlar allaqachon boshlangan, deydi Ramzan Qodirov.

Mashhur yangiliklar