Pavel Durov Telegram video platformaga aylanishini aytdi
Telegram asoschisi messenjerni video platformaga aylantirish rajalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer video platformaga aylanishi uchun “birinchi qadam qo‘yilgani”ni aytdi. U messenjerda videoni ko‘rish endi ancha qulay bo‘lishini bildirdi.
Durovning eslatishicha, shu paytgacha Telegram’dagi turli chat va kanallarda videolavhalar qanday formatda yuklangan bo‘lsa, xuddi shu ko‘rinishda namoyish etilardi. Natijada foydalanuvchilar gigabaytlab ma’lumotlarni yuklab olishga va videolavhaning to‘liq yuklanishini kutishga majbur bo‘lardi. Messenjer asoschisi hatto qisqa videolarni ko‘rishda ham muammolar yuzaga kelganini ta’kidladi.
Bugungi yangilanish bilan Telegram serverlari ommabop videolarni bir nechta sifat variantlariga qisqartiradi va ularni oqimli uzatish uchun optimallashtiradi, dedi Pavel Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yangilik tufayli messenjer internet tezligiga qarab avtomatik ravishda videoni yuklashga mos keladigan sifatni tanlaydi.