24 Mart 2025, 09:30 Jahon

Olimlar Antarktidadan ajralib chiqqan aysberg ostida faol ekotizim mavjudligini aniqladi

Masofadan boshqariladigan ROV SuBastian qurilmasi yordamida tadqiqotchilar 1 300 metr chuqurlikdagi dengiz tubini oʻrgandi.

Olimlar Antarktidadan ajralib chiqqan aysberg ostida faol ekotizim mavjudligini aniqladi

Shmidt nomidagi Okean instituti mutaxassislari Antarktidadan ajralgan ulkan A-84 aysbergi ostida shakllangan dengiz tubini birinchi boʻlib oʻrgandi. Tadqiqotchilar oʻnlab yoki hatto yuzlab yillar davomida muz ostida yashab kelgan boy va xilma-xil ekotizimga duch keldi.

2025-yil 13-yanvardan Georg VI shelf muzligidan ajratilgan aysbergning maydoni 510 kilometr kvadrat kilometrni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, masofadan boshqariladigan ROV Subastian qurilmasi yordamida tadqiqotchilar 1 300 metr chuqurlikdagi dengiz tubini oʻrgangan. Ular katta marjonlar, muz baliqlari, ulkan dengiz oʻrgimchaklari va sakkizoyoqlar yashaydigan ekotizimni aniqladi. Olimlarning taxminiga koʻra, ushbu jonzotlar oʻnlab yoki hatto yuzlab yillar davomida muz ostida mavjud boʻlib kelgan.

Odatda, chuqur suv ekotizimlari oziq moddalarni tashqi manbalardan oladi. Biroq ushbu hudud 150 metr qalinlikdagi muz ostida quyosh nuri va tashqi resurslardan toʻliq uzilgan edi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu ekotizim okean oqimlari orqali keladigan oziq moddalar hisobiga yashab kelgan.

Biologik tadqiqotlardan tashqari, mutaxassislar mintaqa geologiyasi va fizik okeanografiyasi boʻyicha ham maʼlumotlar toʻplagan. Ular avtonom suvosti qurilmalari yordamida muz erishi natijasida hosil boʻlgan suv okeanning kimyoviy va fizik xususiyatlariga qanday taʼsir koʻrsatishini oʻrgangan. Ushbu maʼlumotlar iqlim oʻzgarishi Antarktida muz qoplami va dengiz sathiga taʼsirini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

“Ekspeditsiya ilk bor shunday yirik shelf muzligi ostidagi ekotizimlarni batafsil oʻrganish imkonini berdi. Ushbu kashfiyot hayot qanday qilib ekstremal sharoitlarda mavjud boʻlishi mumkinligi hamda iqlim oʻzgarishining Antarktidadagi taʼsirini tushunish uchun nihoyatda qimmatli maʼlumotlarni taqdim etdi”, — deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar