HAMAS rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirildi
HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirildi.
Falastin qarshilik harakati siyosiy byurosi (HAMAS) rahbari Ismoil Haniya 31-iyul, chorshanba kuni Tehronda o‘ldirildi. Bu haqda Eronning Mehr agentligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tayanib xabar qildi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Ismoil Haniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohi nishonga olingandan keyin “shahid bo‘lgan”.
Qahramon Falastin, Islom xalqi hamda Qarshilik fronti jangchilari va Eronning olijanob xalqiga hamdardlik bilan shuni ma’lum qilamizki, bugun ertalab (chorshanba kuni) Tehrondagi HAMAS siyosiy idorasi rahbari janob Ismoil Haniya qarorgohiga hujum qilindi va ushbu voqeadan so‘ng u hamda uning tansoqchilaridan biri qurbon bo‘ldi, deyiladi bayonotda.
Holat yuzasidan qo‘shimcha tergov harakatlari boshlangan.
Ismoil Haniya Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashish uchun Tehronga kelgandi.