Dunyo davlatlarining global qarzi yil oxiriga borib 100 trln dollardan oshadi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan Fiscal Monitor hisoboti e’lon qilindi.
Dunyo davlatlarining global qarzi 2024 yilda 100 trillion dollardan oshishi kutilmoqda — bu jahon yalpi ichki mahsulotining 93 foizi demak, deyiladi Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan Fiscal Monitor hisobotida.
Mutaxassislar kelajakda qarz miqdori prognoz qilinganidan ham oshib ketishi va uni barqarorlashtirish yoki kamaytirish hozirgi hisob-kitoblardan ancha katta moliyaviy tuzatishlarni talab qilishi mumkinligidan xavotirda.
Hisobotda qayd etilishicha, dunyo davlatlari qarz xatarlariga hozirdan qarshi turishi, yaxshilab o‘ylangan fiskal siyosatni olib borishi kerak.
Ko‘plab davlatlarning moliyaviy istiqbollari uchta sababga ko‘ra kutilganidan yomonroq bo‘lishi mumkin: xarajatlarni oshirishga undaydigan jiddiy siyosiy va ijtimoiy bosim, qarz darajasi bo‘yicha asossiz optimistik prognozlar va katta miqdordagi yashirin qarzlar.
Ta’kidlanishicha, davlatlar qarish va sog‘liqni saqlash, yashil iqtisodiyotga o‘tish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda mudofaa va energiya xavfsizligiga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Shu bilan birga, besh yillik davrda qarzning YaIMga nisbati prognoz qilinganidan o‘rtacha 10 foizga yuqori bo‘lishi mumkin.
Eng yomon ssenariyda ham davlatlarning global qarzi uch yildan keyin YaIMning 115 foiziga yetadi — bu hozirda prognoz qilinayotganidan 20 foizga yuqori demak.