Yarim yilda “chiroyli” avtoraqamlar savdosi 3 barobar oshdi
O‘zbekistonda 2024 yilning dastlabki 6 oyida 426,2 mlrd so‘mlik “chiroyli” avtoraqam sotildi.
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida 2024 yilning dastlabki 6 oyida 426,2 mlrd so‘mlik 104,9 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqam sotildi. Avtoraqam sotuvi soni va hajmi bo‘yicha uch barobar o‘sdi, deb xabar berdi birja.
Qayd qilinishicha, sotilgan avtoraqamlarning 97 foizi jismoniy shaxslarga va qolgani yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 1,7 mln so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 517,1 mln so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, 2024 yil yanvar-iyun oylari davomida birjada 13,1 mlrd so‘mlik 3224 ta “chiroyli” mobil raqam sotilgan. Ularning umumiy qiymati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar oshgan.
Qayd qilinishicha, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ va Yagona integrator Uzinfocom MChJ o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Ushbu memorandum birja orqali internet domen nomlari onlayn auksion savdolarini tashkillashtirishni nazarda tutadi.