Gazsiz shirin ichimliklarga ham a ksiz solig‘i joriy etish taklif etilmoqda
O‘zbekistonda gazsiz shirin ichimliklarga ham a ksiz solig‘i joriy etish rejalashtirilmoqda.
2025-yil 1-apreldan O‘zbekistonda aksiz solig‘i tarkibida shakar bo‘lgan barcha alkogolsiz ichimliklarga joriy etilishi mumkin. Bu 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasida nazarda tutilgan.
Gazsiz shirin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan kompotlar va tarkibida shakar bo‘lgan boshqa gazsiz shirin ichimliklar (morslar, limonadlar, kvaslar) uchun litriga 500 so‘m aksiz solig‘ini joriy etish taklif qilinmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2023-yilgi “Tarkibida shakar va shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarni soliqqa tortish yuzasidan xalqaro hisobot“ida shakar va shirinlashtiruvchi qo‘shilgan barcha ichimliklarga aksiz solig‘ini joriy etish tavsiya etiladi.
Bunda meva va sabzavotlardan tayyorlangan, tabiiy shirin (tarkibida fruktoza, glyukoza) bo‘lgan va qo‘shimcha shakar qo‘shilmagan sharbatlar uchun aksiz solig‘i qo‘llanilmaydi. Xorvatiya, Malayziya, Meksika, Niderlandiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA mamlakatlarida shirinlashtiruvchi (shakar) moddalar qo‘shilgan sharbatlarga aksiz solig‘i joriy etilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda litrida o‘rtacha 90 gramm shakar bo‘lgan 6 brend ostidagi 18 turdagi sharbatlar, shuningdek, 1 litrida o‘rtacha 73 g shakar bo‘lgan 4 turdagi yaxna choy ishlab chiqarilmoqda.