11 Oktabr 2024, 18:43 Iqtisod, Oʻzbekiston

Fan olimpiadalari g‘oliblari olgan mukofotlari daromad solig‘idan ozod etiladi

2025-yildan boshlab fan olimpiadalari g‘oliblari olgan pul mukofotlari va sovg‘alari daromad solig‘idan ozod etiladi.

Fan olimpiadalari g‘oliblari olgan mukofotlari daromad solig‘idan ozod etiladi

O‘zbekistonda 2025-yildan boshlab fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi. Buni nazarda tutuvchi prezident qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab asosiy fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoalar rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.

Shuningdek, nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

2025-yil 1-dekabrgacha xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, onlayn fan olimpiadalarini tashkil qilish va o‘tkazish hamda olimpiadalar ishtirokchilarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi.

Hujjatda shu muddatgacha O‘zbekistonda o‘tkaziladigan, buyuk allomalar nomi bilan ataladigan xalqaro fan olimpiadalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtiriladigan, mahalliy va xorijiy o‘quvchilarning bu olimpiadalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlarini ta’minlaydigan maxsus sayt ham ishga tushirilishi belgilangan.

Qaror bilan O‘zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etilishi ham belgilangan. Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri qobiliyatli va fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash hamda seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘ladi.

Mashhur yangiliklar