Yerusti metrosi qoidabuzarliklar bilan qurilgani aniqlandi
Bekatlarning bir qismi profilaktika uchun yopildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qilishicha, Transport prokuraturasi Toshkent metropolitenida olib borilayotgan profilaktika ishlarida jiddiy qoidabuzarliklarni aniqlagan.
Transport prokurori Ikrom Narimov boshchiligidagi ishchi guruh yer usti metrosi qurilishi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi. Mutaxassislar metropolitenning birinchi va ikkinchi bosqichlari orasida joylashgan “Texnopark” va “Qipchoq” bekatlari oralig‘idagi uchastkadagi ishlarni tekshirdi.
Ular bir qator kamchilik va xatolarni aniqladilar. Mas’ul tashkilotlarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, bajarilayotgan ishlarni loyiha talablariga to‘liq rioya etgan holda qayta ko‘rib chiqish va belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Qurilish ishlarining shaffofligi, yo‘lovchilar xavfsizligi va transport infratuzilmasi barqarorligini ta’minlash bu boradagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Xabarda aytilishicha, buyurtmachi “O‘zbekiston temir yo‘llari”, pudratchi esa “Ko‘prikqurilish”.
Ilgari metro bekatlari yopilishining navbatdagi bosqichi e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. Yerusti liniyasida ochilganidan ikki yil o‘tgach profilaktika ishlari o‘tkazilmoqda.
Izohlar