YandexGo Uzum Market bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqilgandan so‘ng reklamani olib tashlashga majbur bo‘ldi
Kompaniya obyektiv parametrlar va dalillarsiz tovarlarni noto‘g‘ri taqqoslashga yo‘l qo‘ygan.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi YandexGo UB’ga bir oy ichida barcha ommaviy axborot vositalaridan Uzum Market’ga ishora qilingan reklama roligini olib tashlash va buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyatini yukladi.
Maxsus komissiya reklamada quyidagi qoidabuzarliklarni aniqladi:
- binafsharang libosdagi aktrisa va rolikning dastlabki kadrlari vizual va konseptual jihatdan Uzum Market’ning avvalgi videolaridagi obrazlarga o‘xshaydi;
- Rolik qahramonining “A, bu marketmi?!” degan savoli, uzum dastasini ko‘tarishi, shuningdek, atrofdagilarning salbiy munosabati tomoshabinda gap Uzum Market haqida ketayotgandek taassurot uyg‘otadi;
- “Yo‘q, bu boshqa market” iborasi Yandex Market’ning ustunligiga ishora qiladi.
Ma’lum qilinishicha, YandexGo UB “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasini buzib, tovarlarni obyektiv parametrlar va dalillarsiz noto‘g‘ri taqqoslashga yo‘l qo‘ygan. Qo‘mita YandexGo UB kompaniyasiga ko‘rsatilgan reklama roligini bir oy ichida barcha ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash va buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, YandexGo UB kompaniyasiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgandi. Yandex Market o‘zining reklama roligida Uzum Marketga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirdi va uning ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazdi.
Izohlar