Turkiyada otishma oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Ayol restoranlardan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va boshidan o‘q jarohati olgan.

Turkiyada otishma oqibatida 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi matbuot xizmati.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ayol Oydin viloyatida joylashgan restoranlardan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan. 5-iyul kuni u boshidan og‘ir o‘q jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Jinoyat sodir etishda gumon qilinib, besh kishi qo‘lga olingan. Tergov boshlandi.
“Bosh konsulxona Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Turkiyadagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini vatanga qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda, shuningdek, uning qarindoshlariga yordam ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Tailandda o‘zbekistonlik ayol mehmonxonaning oltinchi qavatidan yiqilib tushgandi. Shuningdek, qiz pasportini yo‘qotib qo‘ygan, O‘zbekiston diplomatlari fuqaroning vataniga qaytishiga yordam bergan. Muassasa rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida uning davolanish uchun to‘langan qariyb 7 ming 400 dollarlik qarzdorligi hisobdan chiqarildi.
Izohlar