O‘zbekistonliklar uchun Turkiyada ishlash osonlashadi
Tomonlar noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni yo‘lga qo‘yadilar, elektron vizalar joriy etilishi va mamlakatdan chiqmasdan maqomni o‘zgartirish imkoniyati kutilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Anqaraga tashrif buyurib, Turkiya Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Migratsiya sohasi, uning noqonuniy shakllariga qarshi kurash asosiy mavzuga aylandi. Turkiya tomoni Turkiyada uy ishchisi sifatida ishlayotgan, ammo noqonuniy holatda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari maqomini qonuniylashtirishga yordam berishga tayyor. Qurilish, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida vaqtincha band bo‘lgan shaxslarni legallashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy himoya bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolanishi kutilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli istiqbolga ega ekanligi ta’kidlandi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi Turkiyaga boshqa toifadagi vizalar bilan kelgan O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatni tark etmasdan ishlash uchun ruxsatnoma berish imkoniyatini o‘rganadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron ishchi vizalarni joriy etish va mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan shaxslar to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish kutilmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va fuqarolarni vatanga qaytarishga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.
Izohlar