Hodisa

Toshkentda yuzdan ortiq daraxt noqonuniy kesib tashlandi — video

Dastlab daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq mas’ullar qoidalarni buzgan.

Фото: Ситуативное

26-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda 145 ta daraxt noqonuniy kesilgani haqida xabar tarqaldi. Poytaxt hokimligi hodisaga izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bobur ko‘chasida 83 tup eliks va 62 ming tupdan ziyod manzarali gujum ko‘chatlari o‘tqazilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ayrim ishlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Ilgari bu yerda 145 tupga yaqin archa bo‘lib, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish ko‘zda tutilgan, biroq mas’ul shaxslar tomonidan belgilangan talablar buzilgan. Mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etgan. Ish hujjatlari rasmiylashtirilib, aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun prokuraturaga yuborilgan.

Ayni paytda prokuratura Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlariga bosim o‘tkazilayotgani, tezkor tekshiruv o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati berilmayotgani sababli masalaning xolis va qonuniy ko‘rib chiqilishini ta’minlashi zarur. Holat Ekologiya vazirligi tomonidan nazoratga olingan, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari ko‘paygani sababli Ekologiya vazirligi rahbariga deputatlik so‘rovi yuborilgandi. Ekopartiya a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘nlab o‘simliklarning kesilishi sababi haqida ma’lumot berishni talab qilmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная