13-yanvar kuni Toshkentdagi avtobus saroyi hududida avtobus to‘liq yonib ketdi, deb xabar bermoqda poytaxt FVB matbuot xizmati.

Voqea soat 02:16 da Mirzo Ulug‘bek tumani Tinchlik ko‘chasidagi 5-avtobus saroyi hududida sodir bo‘lgan. Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 02:22 da yetib borgan va yong‘in soat 02:32 da to‘liq bartaraf etilgan. Aniqlanishicha, yong‘in oqibatida 5-sonli avtosaroyga tegishli avtobusga zarar yetgan. Jabrlanganlar yo‘q.

“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, ushbu avtobusga biriktirilgan haydovchi 101-sonli yo‘nalish bo‘yicha harakatlangan. 12 yanvar kuni soat 04:16 da u navbatchi mexaniklar ko‘rigidan o‘tgan, shundan so‘ng soat 05:33 da avtobusni filial hududidan texnik soz holatda olib chiqqan.

Yo‘nalish bo‘yicha parvozlar to‘liq hajmda amalga oshirildi va soat 22:00 da yakunlandi. Shundan so‘ng, haydovchi avtobusga gaz quyish shoxobchasiga gaz quyib, soat 23:29 da filial hududiga qaytib kelgan va avtobusni to‘xtash joyiga qo‘yib, eshiklarini yopib qo‘ygan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda ham yo‘lda yo‘lovchi avtobusi to‘liq yonib ketgandi. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.