Toshkentda piyodalar o‘tish joyida erkakni avtobus va avtomobil birin-ketin urib yubordi
Piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

9-dekabr kuni Toshkentda avtomobil va avtobus o‘tish joyida piyodani urib yubordi, deb xabar bermoqda YHXX matbuot xizmati.
Voqea soat 22:30 larda Mirobod tumani Islom Karimov ko‘chasida sodir bo‘lgan. Yutong elektrobus haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Zarbadan jabrlanuvchi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan, u yerda uni Haval avtomobili urib yuborgan.
Oqibatda piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday voqea 28-noyabr kuni sodir bo‘lgandi. Toshkentda Onix haydovchisi piyodalar o‘tish joyida odamni urib yubordi. Zarbadan so‘ng erkak yana ikkita avtomobil bilan to‘qnashgan.
Izohlar