Toshkentda 1300 dollarlik o‘q-dorilarni noqonuniy sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Voqea Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 22 dona 5,45 mm kalibrli jangovar patronlarni 1300 dollarga sotayotgan 24 yoshli fuqaroni qo‘lga oldi. Ma’lum bo‘lishicha, u muqaddam Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida haydovchi-portlovchi bo‘lib ishlagan.

U o‘q-dorilarni ilgari xizmat qilgan harbiy xizmatchidan 10 mln so‘mga sotib olganini aytdi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi (O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.