Toshkentda o‘g‘ri do‘kon tomini buzib, yuzlab sigaret qutilarini olib ketmoqchi bo‘ldi
Joy egasining aytishicha, bu birinchi o‘g‘irlik emas.

Toshkentda tom orqali do‘konga kirib, u yerdan 300 quti sigaret olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda IIBB matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Choshtepa ko‘chasida joylashgan do‘konlardan birida sodir bo‘lgan. Sergeli tumanidagi tezkor xizmatga trevoga signali kelib tushdi. Voqea joyiga yetib borgan tezkor guruh niqob taqqan shaxs do‘kon tomini buzib kirib, o‘g‘irlik sodir etishga uringanini aniqladi.
Huquqbuzar 300 quti sigaret bo‘lgan uchta sellofan paket bilan do‘kon hududidan chiqib ketmoqchi bo‘lganida, tezkor xodimlar uni zudlik bilan qo‘lga olishdi. Voqea joyiga yetib kelgan do‘kon egasi bu uchinchi marta o‘g‘irlikka urinish ekanini ma’lum qildi.
“Bungacha do‘konimda ikki marta o‘g‘irlik sodir bo‘lgan. Birinchisidan keyin kuzatuv kameralarini o‘rnatdik, ammo ikkinchi marta niqob va qo‘lqoplar tufayli o‘g‘rilarni tanib bo‘lmadi. Shundan keyin magazinni qo‘riqlash pultiga uladim. Savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlarga shunday ogohlantiruvchi signallarni o‘rnatishni maslahat beraman — kameralar signalizatsiya kabi ta’sir ko‘rsatmaydi”, — dedi jabrlanuvchi ayol.
Holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda avtomobillardan buyum o‘g‘irlagan o‘g‘rilar sudlangani haqida xabar berilgandi. Ayblanuvchilar avval ham o‘g‘irlik uchun sudlangani aniqlangan.
Izohlar