Toshkentda noqonuniy qurilgan turar-joy majmuasiga tuproq cho‘kdi
Elektr ta’minotining uzilishi favqulodda vaziyatni keltirib chiqardi va hujjatlardagi muammolarni yuzaga chiqardi.

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq MFY hududida joylashgan Lyuks Loyiha turar-joy majmuasi yaqinida tuproq ko‘chishi sodir bo‘ldi.
Qurilish inspeksiyasi tekshiruv o‘tkazib, qurilishning noqonuniyligini aniqladi. Loyiha “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” arxitektura va shaharsozlik kengashining ishchi organi tomonidan ijobiy xulosalar olingan.
Qurilish obyektining A bloki Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biroq, ishlar davomida 11 ta qurilish qoidabuzarligi aniqlangan, quruvchi ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Yaqinida tuproq o‘pirilishi sodir bo‘lgan G4 bloki Arxitektura va shaharsozlik kengashining ijobiy xulosasini olgan, biroq shaharsozlik hujjatlari ekspertizasining xulosasi olinmagan.
“Ushbu blok inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, qurilish ishlari esa noqonuniy ravishda boshlangan. Bu holat yuzasidan inspeksiya belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan”, — deyiladi xabarda.
Biroq tuproq hujjatlar buzilgani uchun emas, transformator buzilib, chiroq o‘chishi oqibatida suv tortish uskunasi ishlamay qolgani sababli o‘pirilib tushgan.
“Shu sababli chuqurdan sizib chiqayotgan suvni tortib olishning imkoni bo‘lmagan, natijada suv sathi ko‘tarilgan. Bu, o‘z navbatida, yer osti avtoturargohining ilgari ko‘milgan joylarida tuproqning siljishi va ko‘chkiga olib keldi”, — deya xulosa qildi Qurilish inspeksiyasi.
Avvalroq Toshkentda ayrim noqonuniy qurilishlar to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim obyektlar elektr ta’minotidan uzildi.
Izohlar