Toshkentda erkak pichoq bilan profilaktika inspektoriga tashlandi
Hujumchi boshqa bir fuqaroni ham jarohatlagan.

Toshkentda erkak boshqa bir fuqaro bilan janjallashib, so‘ng profilaktika inspektoriga pichoq bilan tashlandi, deb xabar bermoqda IIBB axborot xizmati.
Voqea 21-iyun kuni soat 14:30 larda Toshkent shahar Uchtepa tumani 31-mavzesida sodir bo‘lgan. Ikki fuqaro o‘zaro janjallashib, janjal vaqtida biri ikkinchisiga pichoq urgan va voqea joyidan yashiringan. Jabrlanuvchi “chap ko‘krak qafasining sanchilgan-kesilgan jarohati” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Voqea joyiga hududiy profilaktika inspektori yetib keldi. U zudlik bilan gumonlanuvchining turgan joyini aniqladi va uni qo‘lga olishga harakat qildi. Erkak faol qarshilik ko‘rsatgan va inspektorga ham pichoq bilan hujum qilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida gumonlanuvchi profilaktika va patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi (Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan qurol yoki ashyolardan qasddan foydalanib badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda erkak mast bo‘lib, pichoq bilan mototsiklchilar va taksi haydovchilarini qo‘rqitgani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot organlari bezorini hibsga olib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Izohlar