Hodisa

Andijonda mast erkak pichoq bilan motosiklchilar va taksi haydovchilarini qo‘rqitgani uchun qo‘lga olindi

Huquq-tartibot organlari bezorini hibsga olib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Andijonda mast erkak pichoq bilan motosiklchilar va taksi haydovchilarini qo‘rqitgani uchun qo‘lga olindi

Andijon viloyatida mototsikl haydovchilarini haqorat qilib, ularga pichoq bilan tahdid qilgan shaxs ushlandi, deb xabar qilmoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, voqea ishtirokchisi 30 yoshli mahalliy fuqaro bo‘lgan. Erkakning o‘zi aytishicha, baykerlar bilan mojaroga kirishishdan oldin pivo ichib, qattiq mast bo‘lgan, pichoqni esa ovqatlanayotgan pivoxonadan topib olgan.

“Kecha soat 23:00 larda yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonidagi pivoxonaga kirib, ikki stakan pivo ichdim, kabob buyurdim. Qattiq mast edim. Ungacha ham ozgina ichgandim. Pivoxonada, patnislar yonida pichoq yoki boshqa o‘tkir narsani ko‘rib qoldim, uni olib, belimga qistirdim va taksi chaqirdim. Manzilga yetgach, mototsiklchilarga yaqinlashib, nega bunchalik tez ketayotganlarini so‘radim va yonimdagi pichoq bilan tahdid qila boshladim”, — dedi erkak.

Shuningdek, tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, aynan shu shaxs 24 iyun kuni tungi soat 01:00 dan 03:30 gacha Real Taxi xizmatini chaqirib, Spark avtomobiliga o‘tirgan, so‘ngra haydovchiga o‘tkir tig‘li buyum bilan tahdid qilgan, unga qo‘l ko‘targan, to‘lovni amalga oshirmay, aksincha haydovchining 100 ming so‘mini o‘g‘irlagan. Erkak o‘z qilmishidan pushaymon ekanligini bildirdi.

Oqibatda huquq-tartibot organlari xodimlari unga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 169-moddasi 1-qismi (Bosqinchilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atib, qamoqqa olishdi.

Avvalroq Toshkentda bir erkak ko‘chada bolalarga pichoq bilan tahdid qilgani xabar qilingandi. Hujumchi, shuningdek, liftda bolani kaltaklagan bo‘lib, unga atigi o‘n sutkalik qamoq jazosi berilgandi.

Izohlar

Mavzuga oid