Toshkent viloyatida hokimlik xodimi va uning sheriklari yerni noqonuniy sotishga urindi
Ayblanuvchilar xaridordan yetti million dollardan ko‘proq pul talab qilgan.

Toshkent viloyatida viloyat hokimligi xodimi va uning sheriklari noqonuniy yer sotishda qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Viloyat hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, notarius yordamchisi, rieltor va yana bir fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan erkakning ishonchiga kirgan. Ular Chirchiqdagi korxona balansida bo‘lgan 8,5 gektar yer maydonini sotish evaziga 6,8 mln dollar talab qilgan.
Bundan tashqari, ayblanuvchilar elektr, gaz, kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish va qurilishga ruxsat olish uchun texnik shartlar va ruxsatnomalar olish uchun 500 ming dollar talab qilishgan. Umumiy hisobda tadbirkor 7,3 mln dollar berishi kerak edi.
Mutaxassislar gumonlanuvchilarni pulning 160 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olishgan. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda esa toshkentlik fuqaro 2022 yil oktyabr oyida E-auksion dasturi orqali Yashnobod tumanidan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 80 m² yer uchastkasini yutib olib, 49 yil muddatga ijaraga olgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘xtab qolgan.
Yer uchastkasidan uzoq vaqt davomida foydalanilmagan, shu sababli joriy yilning sentyabr oyida Yashnobod tumani hokimligi fuqarolik sudiga ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan. Tadbirkor asoslovchi hujjatlarni taqdim etgandan so‘ng, sud uning foydasiga qaror chiqardi.
Biroq sud jarayonida da’vogar sifatida ishtirok etgan Yashnobod tumani hokimligi bosh yuriskonsulti o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishdan bosh tortgani uchun tadbirkordan 5 ming AQSH dollari talab qilgan.
U 4 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda sobiq tuman hokimi yerni noqonuniy sotish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov olib bormoqda.
Izohlar