Toshkent viloyatida bolalarni urib, haqorat qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi
Maktab direktori va uning o‘rinbosariga ham chora ko‘rildi.

Toshkent viloyatida dars paytida bolalarni urib, haqorat qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda viloyat MMTB axborot xizmati.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, o‘qituvchining xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi, pedagogik etika va tarbiya me’yorlariga mos kelmasligi aniqlandi. Shuningdek, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan holat tegishli tartibda o‘rganilmagan va pedagogga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rilmagan.
Ayni paytda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Direktor o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, holat Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgandi. Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan ushbu zo‘ravonlik holati nazoratga olingan.
Izohlar