Toshkent viloyatida bir necha erkak gaz quyish shoxobchasi yopilgani sababli ommaviy tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘ldi
Fuqarolar shaharlararo trassani yuk mashinasi bilan to‘sib qo‘ygan, oqibatda yo‘llarda katta tirbandlik yuzaga kelgan.

Toshkent viloyatida bir necha erkak gaz quyish shoxobchasi yopilgani sababli ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga urindi, deb xabar bermoqda Kun.
Hodisa 2025-yil 4-mart kuni Chinoz shahrida sodir bo‘lgan. 33 va 40 yoshli ikki kishi o‘zaro til biriktirib, ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga uringan. 3-mart kuni ulardan biri Telegramdagi profili orqali guruhlardan biriga videomurojaat yo‘llab, odamlarni AGTKShlarga bormaslikka, M-39 Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lini to‘sib, mas’ullarni yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochishga majburlashga chaqirgan.
4-mart kuni soat 11:40 atrofida ikki fuqaro metan gaz quyish shoxobchasiga kelgan. Ular yo‘lni to‘sib qo‘ymoqchi va shu bilan ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atmoqchi bo‘lishdi. Ular navbatda turgan haydovchilarni birgalikda harakatni to‘xtatishga chaqirib, HOWO rusumli yuk mashinasini boshqarib ketayotgan fuqaroni yo‘lni to‘sishga majbur qilishgan.
Shu tariqa, jinoyatchilar Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lining poytaxt yo‘nalishidagi qismini to‘sib qo‘yishgan. Oqibatda yo‘lda tirbandlik yuzaga kelib, fuqarolar to‘plangan. Tartibsizlikni uyushtirganlardan biri sodir bo‘layotgan voqealarni telefonga yozib olgan va videoni Telegram guruhida tarqatgan.
Sudda erkak o‘z aybini qisman tan olib, tartibsizlikka chaqirgani yoki haydovchini yo‘lni to‘sishga majburlaganini rad etdi. Shuningdek, u tuhmat qilganlikda, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatishda ayblangan. U oilaning yagona boquvchisi ekanligini ta’kidlab, suddan yengillik berishni so‘radi.
Uning sherigi ham shunga o‘xshash ko‘rsatmalar berdi. 13 oktyabr kuni erkaklar Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Unga 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning sherigi Jinoyat kodeksining 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) 2-qismi “a, b” bandlari bilan 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Potensial isyonchilarni moliyalashtirish ham endi jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Izohlar