Toshkent viloyati tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagan haydovchini jazoladi
Erkak buni mashinadagi baland musiqa tufayli sirena va signallarni eshitmagani bilan izohladi.

7-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi ataylab tez yordam mashinasiga yo‘l bermagani aks etgan video tarqaldi. Toshkent viloyati YHXB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat Yangiyo‘l tumanida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tekshiruv o‘tkazib, Lacetti avtomobili haydovchisini topishdi. Erkak o‘z xatti-harakatini mashinasida musiqa baland ovozda yangrayotgani, oynalar yopiq bo‘lgani va tez yordam mashinasining sirena va signallarini eshitmagani bilan izohlagan.
Men ham ish bilan shoshib turardim. Musiqa baland ovozda yangrar, derazalar yopiq edi. Tez yordam signallarini eshitmadim. Birdan menga avtomobil yaqinlashdi. Men tushunmadim. Keyin payqadim. Boshqa bunday bo‘lmaydi, — dedi haydovchi.
Erkakka nisbatan tegishli moddalar bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari u bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Audi avtomobili tez yordam mashinasiga borib urilgan: zarbadan mashina ag‘darilib ketgandi. Ikki nafar jabrlanuvchiga shifokorlar yordami kerak bo‘ldi.
Izohlar