14-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 64-maktabda o‘quvchi qiz zo‘rlangani haqida xabar tarqaldi. Voqea yuzasidan viloyat MMTB izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voyaga yetmagan 11- va 9-sinf o‘quvchilari bilan bog‘liq holat bir necha oy oldin maktabdan tashqarida sodir bo‘lgan. Shunga qaramay, maktab ma’muriyati ushbu holatni zudlik bilan o‘rganib, ota-onalar ishtirokida muhokama qilgan va IIBga xabar bergan. Hozirda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tergov jarayonida voyaga yetmaganlarning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini, shuningdek, ularning ruhiy holatini himoya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan dastlabki tergov yakunlanmaguncha bir tomonlama xulosalar chiqarish va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish maqsadga muvofiq emas, — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, maktab ma’muriyati mutasaddi idoralar bilan birgalikda zarur choralarni ko‘rmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida mahkum koloniyadan qochib, bolani zo‘rlagandi. Ma’lum bo‘lishicha, erkak voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani uchun jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lgan, u mahalliy aholi tomonidan ushlanib, huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

























