Surxondaryoda ayol bolasi bilan og‘ilxonada ushlab turilgani aniqlandi
Erkak va uning qarindoshlari bir necha oy davomida ona va chaqaloqni antisanitariya sharoitida zo‘rlab ushlab turishgan, hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning farzandiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ushbu faktni tasdiqladi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ma’lum qilishicha, tumanda yashovchi fuqaro Sh.A. qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, 1997-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i va uning 5 oylik chaqalog‘ini molxonada saqlab kelgan. Ayol va chaqaloq antisanitariya sharoitida bo‘lgan va zo‘ravonlikka uchragan.
Voqea joyiga yetib kelgan mahalla inspektori xonani ochib, jabrlanganlarni topgan. Ayni paytda ona va bola shifoxonada: ayol jarrohlik bo‘limida, chaqaloq tug‘ruqxonada. Ularning ahvoli shifokorlar va ijtimoiy himoya organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Tergov davomida aniqlanishicha, bir necha oy davomida Sh.A. va uning qarindoshlari ayolga bosim o‘tkazib, uning ruhiy zaifligi va nutqining buzilganligidan foydalanib kelgan. Gumonlanuvchi va yana uch kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 1261-moddasi (“Og‘irlashtiruvchi holatlarda qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning barchasi hibsga olingan.
Tergov harakatlari Surxondaryo viloyati IIB tomonidan alohida nazoratga olinib, sud-tibbiy ekspertizalari tayinlangan.
Izohlar