Hodisa

Saudiya Arabistonida Haj ziyorati paytida jazirama tufayli 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi

Bundan tashqari, o‘nlab vatandoshlarimiz hujjasiz qolgan.

Saudiya Arabistonida Haj ziyorati paytida jazirama tufayli sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, deb xabar bermoqda Dunyo.

«Haj-2025» mavsumida 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ziyoratga bordi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarning Haj amalini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga kelishi 13-may kuni boshlanib, 30-mayga qadar davom etdi. Qaytarish 12-iyunda boshlangan va 29-iyungacha davom etgan. Ma’lum qilinishicha, ziyorat yilning issiq paytiga to‘g‘ri kelgan.

Ko‘rilgan choralar va yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, Haj ziyorati davomida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Ulardan 4 nafari surunkali kasallikka chalingan va jazirama fonida vafot etgan. Yana to‘rt kishi Saudiya Arabistoniga rasmiy kanallarni chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan kelgan. Tibbiy yordam olish imkoniyati yo‘qligi sababli ular ham vafot etgan.

Bundan tashqari, 40 dan ortiq ziyoratchilar hujjatlarining yo‘qolgani yuzasidan diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilgan. Ularga qaytish uchun guvohnoma beriladi. O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Davlatimiz rahbari Makka shahrida ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi, kayfiyati bilan qiziqdi. Muftiy hazratlari haj ibodatini to‘laqonli ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini qayd etgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная