O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisiga qo‘ng‘iroq qilib, ziyoratchilar holidan xabar oldi

Nuriddin Xoliqnazar prezidentga hajga borganlarning salomi va duolarini yetkazdi.

Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisiga qo‘ng‘iroq qilib, ziyoratchilar holidan xabar oldi

Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Muftiy Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.

Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.

Bu yil O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlat rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Qurbon hayitini 6 iyun kuni nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Izohlar

Mavzuga oid