Samarqandda yirik miqdordagi kumush qotishmasining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Mutaxassislarning aniqlashicha, huquqbuzarlar qiymati 502 mln so‘m bo‘lgan 999-probali metallni sotishga uringan.

Samarqand viloyatida 18 kg kumush qotishmasining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda viloyat DXX axborot xizmati.
Tartib posbonlari Navoiy viloyatida yashovchi uch nafar fuqaroni shartli xaridorga umumiy qiymati 21 ming dollar bo‘lgan 18 kg kumush qotishmasining bir grammini 11 700 so‘mdan sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga oldi. Davlat asillik darajasini belgilash nazorati inspeksiyasi olib qo‘yilgan buyumlarni tekshirib, sof og‘irligi 16 kg 744 g bo‘lgan 999-namunali metall sifatida baholadi.
Qayd etilishicha, kumushning qiymati 502 mln 344 ming so‘mni tashkil etadi. Tartib posbonlari mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari qimmatbaho metallning kelib chiqishini aniqlamoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda zargarlarni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlash boshlanishi haqida xabar berilgan edi. Qimmatbaho metallar muomalasi sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlar uchun fuqarolarga haq to‘lanadi.
Izohlar