Hodisa

Olmaliqda tarbiyachi xususiy bog‘chada ikki yoshli qizchani kaltakladi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hodisaga izoh berdi.

Фото: ситуативное

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi xususiy bog‘chada ikki yoshli bola shafqatsizlarcha kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea Olmaliq shahrining Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan Neo Kids bog‘chasida sodir bo‘lgan. Internetda qizaloqning suratlari tarqaldi: yonog‘ida ulkan gematoma aniq ko‘rinib turibdi. Bolaning ota-onasi 17 iyul kuni huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, shu kuni muassasada tekshiruv o‘tkazilgan. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari, mahalla, ijtimoiy soha xodimlari hamda maktabgacha ta’lim boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh yetib bordi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan va sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Avvalroq Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyachi va metodist ikki yoshli bolani qiynab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Ular shafqatsiz jinoyati uchun mos ravishda 6,5 yil va 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная