Odam savdosi qurboni bo‘lgan qiz Pokistondan O‘zbekistonga qaytarildi
Diplomatlar tomonidan fuqaroga barcha hujjatlar taqdim etilib, Toshkentga uchish uchun aviachiptalar xarid qilindi.

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi diplomatlari odam savdosi qurboniga aylangan vatandoshning uyiga qaytishiga yordam berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
O‘zbekiston fuqarosi Islomoboddagi elchixonaga murojaat qilib, odam savdosi qurboni bo‘lganini ma’lum qildi. U vataniga qaytishda yordam so‘radi. Qiz 2018-yilda ayollar salonida ishlash bahonasida aldov yo‘li bilan Pokistonning Lahor shahriga olib ketilgan. U yerda noma’lum shaxslar uni fohishaxonaga sotib yuborishgan.
Elchixona vakillari jabrlanuvchiga barcha hujjatlarni, jumladan, vatanga qaytish guvohnomasini ham berishdi. Pokiston vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida diplomatlar fuqaroning mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortilmasligiga erishdi. Qiz uchun jarimalar va to‘lovlarsiz deportatsiya qilishga erishildi.
Elchixona va Migratsiya agentligi ko‘magida vatandoshimizga vatanga qaytish aviachiptasi olib berildi va Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Islomobod-Toshkent reysi bilan vatanga qaytarildi. Xorijdagi vatandoshlar huquqlarini himoya qilish va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatishni ta’minlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyadan odam savdosida gumonlangan ayol O‘zbekistonga qaytarilgandi. Huquqbuzar UJG a’zosi bo‘lib, fohishalik bilan shug‘ullanish uchun xorijda yuqori maoshli ish topish bahonasida vatandoshlarni jalb qilgan.
Izohlar