O‘zbekistonda “Vagner” XHKda xizmat qilgan fuqaro sudlandi
Erkak qo‘shnisini o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan, tashkilot esa unga muddatni qisqartirish va fuqarolik berishni va’da qilgan.

Qashqadaryoda “Vagner” XHK tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgan fuqaroga hukm o‘qildi, deyiladi sud qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatida yashovchi 59 yoshli fuqaro Moskvaga ishlash uchun ketgan, biroq ko‘p o‘tmay u yotoqxonadagi qo‘shnisini o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olingan. 2021-yil avgust oyida erkak 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 2022-yil sentyabrida esa uni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollagan.
Xizmat uchun sudlanuvchiga oyiga 100 ming rubl maosh, Rossiya fuqaroligini olish, shuningdek, jazoning qolgan qismini o‘tashni bekor qilish va’da qilingan. Ushbu tashkilot tarkibida erkak 6 oy davomida jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Jangovar harakatlarda namunali ishtiroki uchun u afv etildi.
Xizmatni tugatgach, erkak 2025-yil martigacha Moskvada ishlagan, shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasiga aybini bo‘yniga olish uchun kelgan. Bundan tashqari, erkak harbiy harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etgan.
Sudda gumonlanuvchi o‘z qilmishidan pushaymonligini va qilmishining oqibatlarini anglaganini aytdi. Shuningdek, erkak boshqa bunday jinoyatga qo‘l urmaslikka va’da berib, afv etishlarini so‘ragan. Sud fuqaroni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Avvalroq O‘zbekistonda“Vagner” XHK faxriysi uchta medal bilan sudlangani haqida xabar berilgandi. Erkak Rossiyada giyohvand moddalar savdosi uchun qamalgan, so‘ngra harbiy kompaniya bilan shartnoma tuzgan.
Izohlar