O‘zbekistonda uchta medalga ega “Vagner” XHK faxriysi sudlandi
Erkak Rossiyada giyohvand moddalar savdosi uchun qamalgan, so‘ngra harbiy kompaniya bilan shartnoma tuzgan.

Angren shahar sudi Ukrainadagi urushda ishtirok etgan 25 yoshli erkakka hukm chiqardi.
2021-yil iyulda erkak Samara viloyatiga ishlash maqsadida borgan, ammo qonuniy ish o‘rniga giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Shu sababli u Rossiya hududidagi umumiy tartibli koloniyaga qamalgan.
Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, 2022-yil noyabrda unga “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan jangovar harakatlarda qatnashish uchun shartnoma tuzishni taklif qilishdi. Pul mukofotlari, Rossiya fuqaroligi va qamoq jazosidan ozod etishni va’da qilishgach, erkak taklifni qabul qildi.
O‘zbekistonlik 500 ming rubl, Rossiya pasporti oldi, jang maydonidagi xizmatlari uchun unga “Vagner” XHKdan uchta medal topshirildi: “Jasorat uchun”, “Yarador bo‘lgani uchun” xochi va “Soledarni zabt etgani uchun”.
2024-yil oktyabrda erkak vataniga qaytib kelgach, mahalliy IIB xodimlari tomonidan hibsga olindi. Gumonlanuvchining telefonidagi foto va video materiallar jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga asos bo‘ldi.
Sud erkakni yollanma askarlik moddasi bo‘yicha besh yilga ozodlikni cheklashga hukm qildi. Bu 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan moddadan ko‘ra yengilroq jazo hisoblanadi.
Ilgari O‘zbekistonda Ukrainadagi urushda qatnashgan, janglar boshlanishidan oldin qarzlari tufayli Rossiyaga “MMA jangi”ga borgan yana bir yollanma askar ham sudlangandi. Boshqa bir yollanma askarning jangovar o‘tmishi esa O‘zbekistonda cho‘ntagidan nasha topilgach fosh bo‘lgandi.
Izohlar