O‘zbekistonda bir guruh firibgarlar fuqarolarning kartalaridan pul o‘g‘irladi
Huquqbuzarlar 117 ta kartadan 1 milliard so‘mni o‘g‘irlashga ulgurgan.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlagan bir guruh huquqbuzarlarni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda IIV Kiberxavfsizlik markazi Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, guruhni turli davlatlar fuqarolari tashkil etgan. Firibgarlar Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan va messenjerlarda tarqatiladigan.apk formatidagi zararli fayllar yordamida foydalanuvchilarning telefonlaridagi SMS-xabarlar, kontaktlar, qo‘ng‘iroqlar tarixi va boshqa ma’lumotlarga kirishgan.
Ushbu ma’lumotlar yordamida huquqbuzarlar bank kartalaridan pul o‘g‘irlashgan. Tartib posbonlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolari tomonidan Telegram messenjerida yopiq guruh tashkil etilib, unda virus aniqlangan fuqarolarning bank kartalari ma’lumotlari, shuningdek, bog‘langan telefon raqamlariga kelgan SMS-tasdiqlash kodlari saqlangani aniqlangan.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan gumonlanuvchilarning telefon raqamlari ko‘zdan kechirilganda 177 ta bank kartasidan qariyb 1 mlrd so‘m mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan. Firibgarlik harakatlari va o‘g‘riliklarni boshqarish call-markaz orqali amalga oshirilgan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan mamlakat hududida ushbu jinoiy guruhning boshqa ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda rossiyaliklarning kartalaridan pul o‘g‘irlagan firibgarlar bilan koll-markaz yopilgani haqida xabar berilgandi. Jinoyatchilar bank xodimlari niqobi ostida odamlarga qo‘ng‘iroq qilishgan.
Izohlar