Namanganda qiynoqlar haqida xabar berilganidan keyin profilaktika inspektori ishdan bo‘shatildi
Holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda profilaktika inspektori qiynoqqa solingani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Ombudsman matbuot xizmati izoh berdi va holatni tasdiqladi.
Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, 14-avgust kuni 34 yoshli Namangan fuqarosi oilaviy kelishmovchilik tufayli IIBga olib ketilgan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, uyiga javob berilgan. Biroq 2 kundan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgani sababli shifoxonaga murojaat qilgan.
Ombudsman vakilining ma’lum qilishicha, profilaktika inspektori ishdan olingan va holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Chust tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektori mayor D.B. o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik va hurmatsizlik bilan yondashgani, ishonib topshirilgan hududda asossiz ravishda bo‘lmagani hamda ichki ishlar organlari xodimlarining kasb va xizmat etikasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan,» deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
Izohlar