MIB xodimlari o‘zini ayol sifatida ko‘rsatib, aliment to‘lamagan shaxsni qo‘lga oldi
Hozirda undan qarzdorlikni undirish ishlari olib borilmoqda.

Andijonda Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun qidiruvda bo‘lgan erkak uchun “maxsus uchrashuv” tashkil etildi.
MIB xabariga ko‘ra, viloyat fuqarosi ikki yil davomida voyaga yetmagan farzandlarini boqmagan. Aliment qarzdorligi miqdori 59 mln so‘mga yetgan.
Qarzdorni qo‘lga olish uchun idora xodimlari qizning nomidan u bilan Telegram`da ishqiy yozishmalarni boshlagan. Yozishmalar davomida erkak kafega taklif qilindi. U “uchrashuv”ga kelganida, uni ushlab qolishdi.
Hozirda undan qarzdorlikni undirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025-yil boshidan buyon MIB organlari tomonidan 25,6 trillion so‘m undirilgan, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki trillion so‘mga ko‘pdir. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida mutaxassislar tomonidan 1,3 trln so‘mlik aliment mablag‘lari undirildi. «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasidan 271 nafar undiruvchiga 11,7 mlrd so‘m o‘tkazildi. Aliment to‘lash istagini bildirgan, lekin ishsiz qolgan yana 25 113 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, tushuntirish ishlari natijasida mutaxassislar 13,2 mingdan ortiq oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Izohlar