MIB “xato qarzlar” tufayli avtomobilning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi
Byuro ijro ishlari bo‘yicha qarorlarni o‘zgartirish organning vakolatiga kirmasligini ta’kidladi.

Toshkentda YPX xodimlari yo‘lni to‘sib, qarzlarini to‘lamagani uchun fuqaroning avtomobilini to‘xtatdi, garchi erkakning ilovasida barcha qarzlar to‘langan deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da. MIB NOVA24`ga vaziyat tafsilotlarini ma’lum qildi.
Voqea 16-iyul kuni Farg‘ona yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari mashinani to‘xtatib, salonda bo‘lgan erkak va uning oilasiga avtomobil gazdan qarzi uchun hibsga olinganini aytishgan. Erkak, o‘z navbatida, tartib posbonlariga kommunal xizmatlar uchun to‘langan ilovani ko‘rsatgan, biroq bu yordam bermagan va mashina qarzdorlik yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ko‘rsatish talabi bilan jarima maydonchasiga yuborilgan.
Shundan so‘ng fuqaro Toshkentdagi “Hududgaz”ga borgan va u yerda qarzi yo‘qligini tasdiqlab, holat Majburiy ijro byurosi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli yuzaga kelganini aytgan.
O‘z navbatida, MIB Qibray tumani soliq inspeksiyasining 2025-yil 17 va 21-apreldagi qarorlariga asosan fuqaroga nisbatan 3 750 000 so‘m miqdorida 2 ta ma’muriy jarima qo‘llanilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2025-yil 13-iyundagi sud buyrug‘iga asosan undiruvchi “MAXIM SAFE DRIVE” MCHJning boshqaruv servis kompaniyasi foydasiga qarzdordan 2 055 000 so‘m majburiy badal, 18 750 so‘m pochta xarajatlari va 375 000 so‘m davlat boji undirilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan ijro hujjatlari bo‘yicha MIBda ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan va qonunda belgilangan tartibda ogohlantirilgan. Qayd etilishicha, 2025 yil 17 iyul holatiga yuqoridagi qarzdorliklar to‘lanmagan.
Shuningdek, idora fuqarolar va yuridik shaxslarga nisbatan ijro ishlari bo‘yicha sud va boshqa vakolatli organlarning qarorlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish MIB organlari vakolatiga kirmasligini ta’kidladi.
Izohlar