Jizzax viloyatida ota farzandlarini ayovsiz kaltakladi — video
Bolalar ombudsmani vaziyatga munosabat bildirib, jabrlanganlarning xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z farzandlarini ayovsiz kaltaklab, do‘q-po‘pisa qilib, tepkilayotgan erkak tasvirlari tarqaldi. Bolalar ombudsmani matbuot xizmati holatga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Jizzax viloyatida sodir bo‘lgan. Bolalar ombudsmani mintaqaviy vakili boshqa mutasaddi idoralar xodimlari bilan birgalikda holatni o‘rgandi. Natijada mutaxassislar videodagi kadrlar mahalliy aholi o‘rtasida sodir bo‘lgan oilaviy mojaro ekanini aniqladi.
Mojaro davomida erkak ikki farzandiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan. Vazirlik matbuot xizmati otaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishiga ishontirib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va ichki ishlar organlari mutaxassislari bolalarga zarur psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.
Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (Qiynoqqa solish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mutaxassislar ikki nafar bolani Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirdi.
Avvalroq Termizda erkak xotinini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar berilgandi. Ayol zo‘ravonlikka chiday olmay, yosh bolasi bilan uydan deyarli hech narsasiz qochib ketgan.
Izohlar