Ijtimoiy tarmoqlarda davlat bog‘chalaridagi oziq-ovqat sifati haqida shikoyat qilindi
MMTVda shikoyat kelib tushgan muassasalar o‘rganilib, rasmiy izoh berildi.

29-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ba’zi bolalar bog‘chalaridagi oziq-ovqat mahsulotlari sifatidan shikoyat qilishdi. MMTV hodisaga izoh berdi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi qoidabuzarlik 27-fevral kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 42-sonli bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Viloyat MMTB holatni o‘rganib, ovqatlanish me’yorlari va sanitariya qoidalariga rioya etilishi yuzasidan javob berdi.
“Go‘sht miqdori yetarli emasligi aytildi. Biroq “SanPiN No0016-21” talablariga ko‘ra, birinchi taom suyak sho‘rvasi bo‘lib, bolalar to‘laqonli oziq-ovqat bilan ta’minlanadi. Ovqatlanishning kunlik me’yori birinchi va ikkinchi taomlar orqali to‘liq ta’minlanmoqda, bu ishchi menyu va sanitariya nazorati hujjatlarida aks ettirilgan”, — deyiladi xabarda.
Ikkinchi holat 23-iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanidagi 22-sonli bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Mutaxassislar mahsulotlarning yashirin saqlanishini aniqladilar. Hozirda barcha zaruriy hujjatlar rasmiylashtirilib, mas’ullarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi.
“2025-yil boshida Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda davlat bog‘chalari bosqichma-bosqich autsorsing asosida ovqatlantirish tizimiga o‘tkazilmoqda. Maqsad — tarbiyalanuvchilarning ratsional ovqatlanishini ta’minlash, oziq-ovqat va taomlar xavfsizligini kafolatlash, taomlarni tayyorlash, saqlash va tashishda sanitariya me’yorlariga qat’iy rioya qilish”, — deya eslatdi MMTV.
Buning uchun vazirlik huzurida Ta’lim sohasida ovqatlanishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etildi. Markaz bog‘chalarda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni muvofiqlashtiradi, jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtiradi, davlat xaridlarini amalga oshiradi, sohada ilmiy tadqiqotlar olib boradi va autsorserlarning majburiyatlari bajarilishini nazorat qiladi.
“Bu jarayonda jamoatchilik nazorati ham juda muhim. Hurmatli jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, agar siz qo‘shimcha ma’lumotga muhtoj bo‘lsangiz yoki tekshirishni talab qiladigan holatlarga duch kelsangiz, zudlik bilan vazirlikning ishonch telefoniga (71-202-09-09) yoki axborot xizmatiga murojaat qiling”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: “Ichidagi narsalar va odamlar bilan birga buzib tashlansin”: Buxoro viloyati hokimi xodimlarga bog‘chadagi noqonuniy qurilmani sudsiz buzib tashlashni buyurdi Hokimiyat axborot xizmatining ta’kidlashicha, amaldor bolalarning xavfsizligini ta’minlamoqchi bo‘lgan va xodimlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiy munosabat bildirishga majbur bo‘lgan.
Izohlar